15-Ҳижр (Hijr surasi)

Bu sura Makka suralaridan bo’lib, to’qson to’qqiz oyatdan tashkil topgandir. Bu suraning mehvari — o’qi turli asrlardagi payg’ambarlarni yolg’onchi qilib, ularga qarshi chiqqan osiylarning hammasi halokatga uchraganlari atrofida aylanadi. Shu boisdan sura bunday kimsalarga iymonsizliklarining oqibati xatarli ekanligi haqida tanbeh berish bilan boshlanadi. Bu surada burjlarga bo’lingan osmon, hayot kechirish unun moslab yaratilgan zamin, ma’dan-xazinalarni o’z bag’riga olib o’rnashgan tog’lar, yomg’irli bulutlarga «homilador» bo’lgan shamollar zikr qilinib, bularning barchasi Haq taolo tarafidan insonga xizmat qilish uchun yaratilgani uqtiriladi. So’ngra Yaratganning amri bilan asli zuvalasi «qora loy»dan qorilgan insonga butun mavjudot sajda qilganida faqat Iblisgina bu farmonga bo’yinsunmay kibr-havo qilganini bayon qilish bilan shaytonning insoniyatga nisbatan bo’lgan adovati to qiyomatgacha davom etishiga ishora qilinadi. Yana bu surada Allohning payg’ambarlari — Ibrohim, Lut, Shu’ayb va Solih alayhis-salomlarning qissalari so’ylanadi. Bulardan Solih payg’ambarning qavmlari — Samud qabilasi Hijr (Madina va Shom o’rtasidagi vodiy)dan ekanligi zikr qilinib, mazkur suraniig «Hijr» deb nomlanishining boisi shudir.
Back to Top